«O‘zbekiston Respublikasining professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2020-yil 2-martdagi PF-5953-son Farmoniga muvofiq yoshlarning kasblar va mutaxassisliklarni egallashga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun keng imkoniyatlar yaratish hamda professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida” 2020-yil 12-iyundagi PQ-4749-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Davlat komissiyasi)ga professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini tasdiqlash huquqi berilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tizimida professional ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar 2021-yildan boshlab har yili 15-yanvarga qadar hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari asosida mahalliy mehnat bozori ehtiyojlari, o‘quvchilarning qiziqishlari hamda ish beruvchilarning buyurtmalaridan kelib chiqib, professional ta’lim muassasalariga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlariga asoslangan takliflarni kasblar va mutaxassisliklar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga taqdim etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, tizimida professional ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda har yili professional ta’lim muassasalarining davlat buyurtmasi parametrlarini tasdiqlash uchun Davlat komissiyasiga asoslangan taklif kiritadi;
professional ta’lim muassasalariga yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan o‘quvchilar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari qabul parametrlaridan tashqari qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi;
ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga asosan tuman (shahar) iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limlari tomonidan shakllantiriladi;
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab davlat granti asosida professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan shaxslarni o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
2021-yil 1-aprelga qadar oliy ta’lim muassasalari huzuridagi texnikumlarni bitirgan o‘quvchilar o‘z sohasi bo‘yicha kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida 2-bosqichdan o‘qishini davom ettirishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2021/2022 o‘quv yiliga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi professional ta’lim tizimida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun tavsiya etiladigan kasblar va mutaxassisliklar ro‘yxatini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.A. Musayev hamda O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh., 2020-yil 11-noyabr, 715-son